O'zbekistonning oliy o'quv yurtlariga kirish uchun topshirilgan test sinovlari natijalari ushbu hafta oxirida e'lon qilinadi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga Davlat test markazi xodimi ma'lum qildi.
"Test sinovlari natijalari hafta oxirida
e'lon qilinadi. Aniq sanasini ayta olmayman”, – dedi DTMning ismi tilga
olinishini istamagan xodimi.
Shuningdek, u test natijalari chiqishi
haqida bir kun oldin e'lon qilinmasligini, abiturientlar o'z
natijalarini maxsus SMS-xizmat orqali bilib olishlari mumkinligini
aytdi.
Shuningdek, O'zbekiston Milliy universitetidagi manbaimiz test natijalari bugun, 15 avgust kuni e'lon qilinishi mumkinligini xabar qildi.
Eslatib o'tamiz, 1 avgust kuni imtihon topshirgan abiturientlar to'plagan ballarini, talabalikka tavsiya etilganligi yoki etilmaganligini hamda o'qish davlat granti yoki to'lov-kontrakt asosida ekanligini bilish uchun UCell va UzMobile mobil kompaniyalariga ulangan telefonlar orqali 5100 raqamiga javoblar varaqasi raqamini SMS-xabar shaklida jo'natishi hamda natijalarni O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasining qarori chiqqandan keyin bilib olishi mumkin bo'ladi.
5100 raqamiga jo'natilgan barcha
SMS-xabarlar bepul, 5101 raqamidan kelgan barcha SMS-xabarlar narxi 0.75
dollarni tashkil qiladi.
Test sinovi natijasi bilan bog'liq
SMS-xizmatlar Ucell va UzMobile mobil kompaniyalariga ulangan telefonlar
orqali amalga oshiriladi.